воскресенье, 14 июля 2013 г.

EGO NAMOYISH

Bu dunyoda yashashning sharti muttasil ro`y
beradigan yo`qotishlar azobiga bardosh berish ekan…


Hafsalani pir qilishga shoshilmang, sizga yig`loqi novella o`qibberishga havasmand bo`lganim yo`q. unaqasini yozolmaganman ham. Axir, yosh va sog`lom odam nega tushkun bo`lishi mumkin.
Negadir ko`pchilik kaminani faqat g`amgin va tushkun narsalar yozib yuradi deb o`ylashadi. Hatto, meni qandaydur g`alamis deb shubhalanadiganlar ham bor..
Axir taqdir meni yaxshigina siyladi, yashash uchun og`ir kurashlar nima ekanini bilmadim, judayam nochor ahvollarda qolganim yo`q, ko`plab yaxshi odamlarni uchratdim. Ammo vaqti-vaqti bilan sha`nimga harsangtoshlar uloqtirishganiyam bor gap. Agar o`sha odamlar qilgan ishlari uchun yaxshigina javob qaytmasligidan umidvor bo`lgan ersalar, bu rosaligam soddalik bo`lur edi, kamina ham qo`limga ilingan toshchalarni otib qolganman.

Shunchaki, o`tmishni xotirlashim bilan umum tomonidan qabul qilinishicha inson yuragi joylashgan mana shu ko`ksim qaynoq qiynoqlarqa tushadi. Va shunday g`amgin gaplar yoza boshlayman.

Men bu dunyoda yashab muttasil yo`qotishlarga mustahiq etildim. Buning afsusini to`la ifodalay olgan holatni uchratgan emasman. Mening afsusim bu yer yuzida qoluvchi so`nggi odamning hechkim tinglamaydigan pushaymoniga tengroq yangroq bo`lar balki. Shunda men Axill kabi g`azablanaman, lekin eski dunyoga o`t qo`ymayman, chunki shundog`am ko`p ko`priklarni yoqib yuborganman…

Lekin o`zimni afsuslanmaslikka, achinmaslikka o`rgatishim kerak.
Kirish qismi uchun shuncha ko`p vaqt sarflab yuborganimga sabab, bu kirishning o`zicha muhimligi emas, muhimi bu safsatalarning aslida ro`y-rostligiga ishonishga tayyorlash edi.
Agar birov so`rab qolsa, abadiy shunday yashashga tayyorligimni aytardim:

1989 yil boshlangandi. Tyan`an`min` maydonidagi talabalar qirg`iniga oz qolgan, Abdulla Oripov madhiya uchun she`r yozayotgan, odamlar tuman markaziga transportda borishni orzu qilishayotgandi. Fors qo`ltig`ida Katta Bush urush olib borayotgandi.
O`sha qor ko`p yoqqan qish kechasida men kelganman. (O`sha tunda otam 40 km masofani yayov yurib o`tgan ekan)

Men dunyoni o`zgartirish uchun kelganim yo`q, bu ish uchun bitta odam qanchalar ojiz…
1998 yil hali tugamagandi. Bu paytda Fransiyada o`tgan JCHni tomosha qilgandik. Abdulla Oripov kichik to`rtliklar yozishga o`tgandi. Odamlar endi tuman markazi bilan uyali telefon vositasida bog`lanishni orzu qila boshlashuvdi. Okeanortida esa Kichik Bush hokimiyat tepasiga yaqinlashib kelayotgandi.
Men maktabga qatnashni xohlamay qo`ygandim. O`zimni o`zgartirish tashvishiga tushib, nima uchun kelganim haqidagi savolga “Odamlarni xafa qilish uchun” deb javob topgandim.

Keyinroq yillarni hisoblamay qo`ydim. Chunki vaqtni sezmasdim. Voqelikdan tashqarida yashayotgan kabi yillar bo`ylab sayr qilardim, goh tepaga, goh pastga. Parallel-perpendikulyar…

Hayot ko`z-ongimdan xuddi yomg`ir kabi yengil va silliq oqib o`tardi. Men boshimni egib, faqat oyoqlarimning uchiga qarab yashardim, zero bu mening o`ylanmasligimga yordam berardi. Bu xuddi boshqalarga botir ko`rinish uchun qo`pol bo`lishga majburlik yoki nafosatli ko`rinish uchun qo`rqoq atalishdan birini tanlash majburiyatiga o`xshardi. Ortiqcha odamning qismati goyib bo`lishdir. Hozir iloji boricha samimiy yozishga harakat qilyapmanu, lekin undan oldin samimiy yashab qo`yganman.

Agar birov so`rab qolsa abadiy shunday yashashga tayyorligimni aytaman.
Yana necha yil yashashimni bilmayman. Muhimi sihat-salomatli va ruhiy xotirjamlikda o`tkazsam bas bu uzaytirilmaydigan muhlatni. Shu shahardan tashqariga chiqmasam ham mayli. Bog`chamda ter to`kishdan boshqa yerda ishlash zaruratidan xalos bo`ldim.
Juma kulari masjidga boraman. Yilda bir necha marta bozorga va stadionga tushaman. Har oyda jurnalimni, har hafta gazetalarimni olib tursam kifoya.

Yolg`izlik dardi yuragimni siquvga olganida, u bilan gaplashish uchun qabristonga boraman. Qolgan vaqtni meni umidsizlikdan himoya qiluvchi urf-odatlar marosimida o`tkazaman. Ba`zan betayin kunlarda anhor bo`yiga tushamanu suvga tikilgancha soatlab o`tiraman…

2007 yil. Noyabr.
Az_Zohid 

2 комментария: